Afsonaviy britaniyalik rok-musiqachi Devid Boui 69 yoshida vafot etdi. Bu haqda musiqachining rasmiy vakili bergan ma’lumotlarga asosan “RIA Novosti” xabar qilmoqda.

Foto: “Euroradio.fm”

Foto: “Euroradio.fm”

Musiqachi 18 oy davom etgan saraton xastaligidan so‘ng o‘z oilasi davrasida hayotdan ko‘z yumdi.

Devid Bouining (haqiqiy ismi Devid Robert Jons) 1969-yildagi Space Oddity qo‘shig‘i Britaniya xit-paradida birinchi beshlikdan joy olib, unga shuhrat keltirgan. 1972-yildagi The Rise and Fall of Ziggy Stardust and the Spiders from Mars albomi esa uni mashhur qilgan. Faoliyati davomida, Boui 136 milliondan ziyod plastinka sotishga muvaffaq bo‘lib, uning oltita albomi Rolling Stone jurnali versiyasi bo‘yicha “500 ta eng buyuk albom” ro‘yxatidan o‘rin olgan.

Yettita kompozitsiyadan iborat bo‘lgan Blackstar deb nomlangan so‘nggi albomini Boui 2016-yil 8-yanvarda, o‘zining 69-tug‘ilgan kunida taqdim etgan edi.