Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT)ning Minsk guruhi hamraislari ko‘magida, Shveysariya poytaxti Bernda Tog‘li Qorabog‘ masalasi bo‘yicha Armaniston prezidenti Serj Sargsyan va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev o‘rtasida uchrashuv boshlandi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Xabar berishlaricha, ikki mamlakat yetakchilari yana bir bor Tog‘li Qorabog‘ nizosini hal etish yo‘llarini topishga urinib ko‘radi. Muzokaralar yakuni bo‘yicha hamraislar tomonidan bayonot berilishi kutilmoqda.Muzokaralarga kirishishdan avval har ikki prezident Shveysariya tashqi ishlar vaziri Didye Burkxalter bilan uchrashdi. Shveysariya mazkur muzokaralarda qatnashmayapti, biroq diplomatiyadagi “yaxshi xizmatlar missiyasi” doirasida ko‘mak bermoqda.
Qayd etishlaricha, Shveysariya hukumati Armaniston va Ozarbayjon prezidentlari o‘rtasidagi uchrashuv aynan qayerda bo‘layotganini xavfsizlik nuqtai nazaridan sir tutmoqda. Aliyev va Sargsyan o‘rtasidagi so‘nggi muzokaralar 2014-yil 27-oktabrda bo‘lib o‘tgandi.
Ma’lumot uchun, Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida Tog‘li Qorabog‘ yuzasidan qurolli nizo 1990-yillarda yuz bergan bo‘lib, faol jangovar harakatlar 1991—1994-yillar davomida kuzatilgan, oqibatda 1 million kishi qochoqqa aylangan.
Izoh (0)