Qirg‘iziston hukumati Xitoyning “Trans-Kirgiz gaz payplayn kompani limited” kompaniyasi bilan respublika hududida Turkmaniston—Xitoy gaz quvuri bir qismining qurilishi haqidagi kelishuvni imzoladi. Bu haqda Qirg‘iziston Iqtisodiyot vazirligi ma’lumotiga tayanib, “TASS” xabar beradi.
“Ushbu loyiha Qirg‘izistondagi yirik investitsiyaviy loyihalardan biri hisoblanadi. Uni amalga oshirish uchun 1,5 milliard dollarga yaqin mablag‘ talab etiladi”, — deyiladi xabarda.
Iqtisodiyot vazirligining dastlabki hisob-kitoblari bo‘yicha, gaz quvuridan foydalanish davomidagi gaz tranziti uchun 35 yil davomida respublika 2 milliard dollardan ortiq mablag‘ni qo‘lga kiritadi.
Ushbu gaz quvurining Qirg‘iziston hududidan o‘tgan qismining uzunligi 215 kilometrni tashkil etadi. Respublika bosh vaziri Temir Sariyevning so‘zlariga qaraganda, har yili undan 30 milliard kubometrgacha gaz o‘tib, tranzit uchun respublika yiliga 40—50 million dollar olishni rejalashtirmoqda.
Izoh (0)