2015-yilning 12—19-dekabr kunlari Britaniya Kengashi O‘zbekiston Respublikasining Madaniyat va sport vazirligi, O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat instituti va Buyuk Britaniyaning Rouz Bruford nomidagi teatr va aktyorlik san’ati kolleji bilan hamkorlikda yosh aktyorlar uchun Shekspir asarlariga asoslangan mahorat darslarini o‘tkazadi. Bu haqda Britaniya Kengashi “Daryo”ga ma’lum qildi.
Ushbu mahorat darslari O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat institutida o‘tkazilib, aktyorlik va notiqlik mahoratini oshirishga qaratiladi.
Mahorat darslarining asosiy maqsadi teatr san’ati sohasida yosh mutaxassislarni tayyorlash va ularga milliy va xalqaro loyihalar, hamda teatr festivallarida qatnashish imkonini yaratish hisoblanadi.
Mahorat darslarida O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat institutining 30 dan ortiq talabasi va 15 dan ortiq ustozi ishtirok etadi. Mahorat darslarining har bir ishtirokchisi dunyo dramaturgiyasining klassik namoyondasi bo‘lmish Villiam Shekspirning monologlari va sonnetlaridan birining o‘zbek, rus yoki ingliz tilidagi ijodiy talqinini tayyorlab keladi va ushbu ijodiy talqinlari ustida ishtirokchilar Britaniya murabbiylari bilan ish olib boradi.
Hafta davomida yosh o‘zbek hamkasblari bilan aktyorlik mahorati bo‘yicha murabbiy hamda ovoz boshqarish bo‘yicha mutaxassis Jon Taker, teatr rejissori, o‘qituvchi, yozuvchi va dramaturg Irina Braun hamda Rouz Brufford nomidagi teatr va aktyorlik san’ati kolleji qoshidagi aktyorlik mahorati maktabining direktori Nif Douling o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashadi.
Shu bilan birga, 17—19-dekabr kunlari Irina Braun va Nif Douling O‘zbekiston Yoshlar teatrining amaliyotdagi yosh aktyorlari uchun hamda “Diydor” teatr-studiyasining aktyorlari uchun ham mahorat darslarini o‘tkazadi.
Izoh (0)