Markaziy Afrika respublikasi (MAR) shimolidagi musulmonlar yetakchisi Nuriddin Adam mazkur hududda avtonomiya tashkil etilganini e’lon qilib, markaziy hukumatdan ajralib chiqish niyatini bildirdi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
“Biz Logone respublikasi tuzilganini e’lon qildik. Hozircha avtonomiyani istayapmiz. Keyinchalik mustaqillikka erishish masalasini hal etamiz. Hukumat mamlakat shimolini unutib qo‘ydi. Bu yerda yo‘llar, kasalxona va maktablar yo‘q”, — deya ta’kidlagan Adamning vakili Mavlud Muso.
Ndele shahri ustida ko‘tarilgan avtonomiya bayrog‘i BMT tinchlikparvar kuchlari tomonidan olib tashlangan. MAR hukumati vakili Dominik Said Panguinji jahon hamjamiyatini “terrorchilarni bartaraf etish uchun barcha imkoniyatni ishga solish”ga chaqirdi. Uning aytishicha, Nuriddin Adam qamoqqa olinishi va Xalqaro jinoiy sudga topshirilishi lozim. Hukumat uni hibsga olishga order berdi.
Izoh (0)