2015-yil davomida 31 ta mamlakatda jami 128 nafar jurnalist halok bo‘ldi. Bu haqda Press Emblem Campaign tashkiloti taqdim etgan hisobotga asosan “TASS” xabar qilmoqda.
Qurbonlar soni eng ko‘p Suriyada bo‘lib, u yerda 11 nafar jurnalist halok bo‘lgan. Undan keyin Iroq va Meksika ― 10 nafardan qurbon, Fransiya, Liviya va Fillipinda (8 nafardan), Braziliya, Hindiston, Janubiy Sudan va Yamanda esa yetti nafardan jurnalist halok bo‘lgan. Pokiston va Somalida ― 6 nafar, Gondurasda ― 5 nafar. Ukraina va Kolumbiyada to‘rt nafardan jurnalist o‘ldirilgan. Ro‘yxat bo‘yicha 16-o‘rinda Gvatemala turibdi (3 nafar). O‘n yettinchi va o‘n sakkizinchi o‘rinlarda Afg‘oniston va AQSh keltirilgan (2 nafardan).
O‘tkazilgan tadqiqotda ta’kidlanishicha, matbuot xodimlari faoliyati uchun eng xavfli joy bo‘lib 2015-yil davomida 38 nafar jurnalist qurbon bo‘lgan Yaqin Sharq mamlakatlari hisoblanmoqda. Undan keyin Lotin Amerikasi (31 nafar), Afrika (18 nafar) va Yevropa (13 nafar) davlatlari keltirilgan.
Press Emblem Campaign o‘zining statistikasini 2006-yilda yurita boshlagan bo‘lib, hozirga qadar dunyo bo‘ylab 1177 nafar matbuot xodimi, ya’ni yiliga o‘rtacha 118 kishi halok bo‘lganligini ta’kidladi. Shu bilan birga, so‘nggi to‘rt yil davomida o‘rtacha yillik ko‘rsatkich 134 kishiga ortganligi ma’lum qilindi.
Izoh (0)