Livanda Liviyaning sobiq rahbari Muammar Qaddafiyning o‘g‘li Gannibal ozod qilindi. Politsiya shialar tomonidan o‘g‘irlab, Baalbek shahriga olib ketilgan Gannibalni Bayrutga olib keldi. Bu haqda Meduza xabar bermoqda.
11-dekabr, juma kuni “Al-Jadid” telekanali Gannibal Qaddafiy oyatulloh Sayyid Muso Sadrning taqdiri haqida bilganlarni bu haqda xabar berishga chaqirgan videoyozuvni efirga uzatdi. Eronlik va livanlik diniy yetakchi bo‘lgan oyatulloh 1978- yili, Liviyada Muammar Qaddafiy bilan uchrashganidan so‘ng yo‘qolgandi. Liviya Sadr va uning hamrohlari mamlakatni tark etganini bildirgan, biroq Livanda u Qaddafiy buyrug‘iga binoan o‘ldirilgani haqida taxminlar tarqalgan.
2011-yilda Gannibal, uning onasi va singlisi fuqarolar urushi boshlangan Liviyadan qochib, Ummondan boshpana topgandi. Uning qachon Livanga ko‘chib o‘tgani noma’lum. Ma’lumotlarga ko‘ra, Gannibal Livan fuqarosiga uylangan.
Izoh (0)