2015-yil avgustida butun dunyo OAVlari Suriyadan Bayrutga kelib, yashash uchun pul topishga intilayotgan falastinlik qochoq — Abdulla Halim al Attor hikoyasini yozgan edi. Oradan to‘rt oy o‘tib, kraudfanding kampaniyasi sharofati bilan al Attor kattagina pulga ega bo‘ldi va o‘z biznesini ochib, yana 16 qochoqni ham ish bilan ta’minlashga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda Meduza xabar bermoqda.
Abdul Halim al Attor norvegiyalik dasturchi Twitter’iga joylagan surat tufayli mashhur bo‘lib ketdi, unda al Attor yelkasiga bosh qo‘yganicha uxlab qolgan qizini ko‘tarib yurib, ruchka sotayotgani aks etgan edi. Dasturchi Twitter’ning boshqa foydalanuvchilari bergan g‘oyaga ko‘ra, @Buy_Pens akkauntini ochdi va Indiegogo’da kraudfanding kampaniyasini ishga tushirdi. E’lon qilingan summa — besh ming dollar bir soat ichidayoq yig‘ildi. Uch oyda esa mablag‘ 191 ming dollarga yetdi. Biroq ba’zi muammolar tufayli, pul al Attorga bo‘lib-bo‘lib jo‘natilmoqda, hozirgacha uning 40 foizi Bayrutga yetkazilgan.
25 ming dollarni Abdul Halim al Attor Suriyadagi do‘st va qarindoshlariga jo‘natdi, qolganiga o‘z biznesini ochishga qaror qildi. Oktabrda u o‘z novvoyxonasini ochdi, ko‘p o‘tmay, u yerda shaurma rastasi va kichik restoran ham paydo bo‘ldi. Bundan tashqari, u ikki farzandi bilan boshqa uyga ko‘chib o‘tdi, to‘qqiz yoshli o‘g‘li maktabda o‘qishini davom ettira boshladi.
Pulni yetkazishdagi qiyinchiliklarga qaramasdan, al Attor ko‘mak uchun minnatdor. Uning do‘konchasi daromad keltirishni boshladi. Norvegiyalik dasturchi Abdul Halim uchun xursand, biroq bunday kampaniyalarni boshqa tashkil qilmoqchi emas. Uning so‘zlariga ko‘ra, qochoqqa pulni jo‘natishda yuzaga kelgan muammolar uni juda xafa qilgan.
Izoh (0)