O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to‘rtinchi yalpi majlisi ikkinchi kunida senatorlar “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi (yangi tahriri) O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Majlisda ta’kidlanganidek, mazkur qonunning maqsadi dori vositalari aylanishi va farmatsevtika faoliyati sohasidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishdan, aholini sifatli, xavfsiz dori vositalari, dori-darmonlar bilan ta’minlashning huquqiy kafolatlarini kuchaytirishdan iborat.
Ushbu vazifalarni samarali hal etish maqsadida qonunda hozirgi zamon talablari va standartlarini hisobga olib, farmokologik vositalarning, dori vositalarining, tibbiy buyumlarning klinikadan oldingi tadqiqotlarini o‘tkazishning aniq huquqiy tartibi va shartlari belgilanmoqda. Dori vositalari, tibbiy buyumlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan keyin ularni qo‘llashga ruxsat berilishi belgilab qo‘yilmoqda.
Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni tayyorlash, saqlash, tashishga nisbatan qo‘yiladigan asosiy talablar, O‘zbekiston hududiga tibbiy preparatlarni olib kirish va mamlakat hududidan olib chiqish tartibi mustahkamlanmoqda. Aholini xavfsiz va samarali dori vositalari bilan ta’minlashning muhimligini hisobga olgan holda qonun farmakologik nazoratni amalga oshirishga qo‘yilgan talablarni, sog‘liqni saqlash muassasalarining ushbu sohadagi vakolatlarini, funksiyalarini belgilab bermoqda. Qonunda dorixonalarning huquqiy maqomi, ularning xodimlarini kasbga tayyorlash darajasiga qo‘yiladigan talablar belgilab berildi.
O‘zbekistonda qo‘llanilayotgan dori vositalaridan fuqarolarni keng xabardor qilish, farmatsevtika faoliyatining ochiqligini ta’minlash maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy veb-saytida tibbiyot amaliyotida qo‘llashga ruxsat etilgan dori vositalarining, tibbiy buyumlarning va tibbiy texnikalarning davlat reyestrini, shuningdek, retseptsiz beriladigan dori vositalarining ro‘yxatini hamda dori vositalari va boshqa tibbiy vositalar to‘g‘risidagi boshqa rasmiy axborotni joylashtirish talabi joriy etilmoqda.
Senatorlarning fikricha, ushbu qonun fuqarolarning malakali tibbiy xizmat ko‘rsatishdan iborat huquqlarini ta’minlash, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, aholi salomatligini mustahkamlash, fuqarolarni tibbiy-ijtimoiy jihatdan himoya qilish, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish bo‘yicha O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning muhim tarkibiy qismiga aylanadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Oliy Majlis Senati “Veterinariya to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahririni ma’qulladi
Markaziy saylov komissiyasining vakolatlari kengaytirildi
Respublikasi Oliy sudi tarkibiga o‘zgartishlar kiritdi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi tarkibiga o‘zgartishlar kiritildi
O‘zbekiston senatorlari elektron hukumat to‘g‘risidagi qonunni davlat organlari faoliyatining oshkoraligi uchun huquqiy asos deb hisoblaydi
Izoh (0)