Xorazm viloyati Xazorasp tumani IIBga Pichoqchi qishlog‘ida yashovchi fuqaroning uyiga noma’lum shaxs yashirin ravishda kirib, yotoqxonasidan ko‘p miqdordagi pullarini va ikki dona sariq metalldan yasalgan zargarlik buyumlarini o‘g‘irlab ketganligi haqida xabar kelib tushgan. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi, deb xabar beradi O‘zbekiston Respublikas IIV matbuot xizmati.
Voqea joyiga yetib kelgan ichki ishlar xodimlari tomonidan jabrlanuvchi hamda voqeaga guvoh bo‘lgan kishilar bilan tezkor surishtiruv ishlari olib borilib, gumonlanuvchi shaxsning alohida belgilari aniqlandi. Olib borilgan tezkor-qidiruv harakatlari natijasida ushbu jinoyatni shu qishloqda yashovchi 32 yoshli ayol kishi sodir etganligi aniqlandi va qo‘lga olindi.
Xabarda ta’kidlanishicha, hozirda ayolning boshqa mulkiy turdagi jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)