26-noyabr kuni xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov nutq so‘zladi. Sessiyada Namangan viloyatida o‘tgan davr mobaynida erishilgan yutuq va marralar qatorida ko‘pgina yo‘nalishlarda, soha va tarmoqlarda kamchiliklar, oqsoqlik holatlari mavjud ekani qayd etilib, ularning sabablari keng tahlil etildi, deb xabar beradi O‘zA.
Ayni vaqtda viloyatda mavjud bo‘lgan juda katta imkoniyatlar ishga solinmayotgani, eng tashvishli tomoni – ko‘p yo‘nalishlar bo‘yicha Namangan boshqa viloyatlardan orqada qolayotganini ko‘rib, afsuslanishga to‘liq asoslar borligi aytib o‘tildi.
Davlat rahbari o‘z nutqida viloyatda oxirgi yillarda iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining amalga oshirilishi natijasida subvensiya, ya’ni markaz budjetidan yordam ulushi kamaygan bo‘lsa-da, uning hajmi haligacha yuqori darajada saqlanib qolayotganiga alohida e’tibor qaratdi. Bugungi kunda mahalliy xarajatlarning 41 foizi mamlakat budjeti hisobidan qoplanmoqda.
“Eng achinarlisi, viloyatdagi 11 ta tumandan 10 tasida bu ko‘rsatkich 60 foizdan oshib ketgan. Ayniqsa, Kosonsoy, To‘raqo‘rg‘on, Uychi, Yangiqo‘rg‘on tumanlarida bu masala o‘ta dolzarb bo‘lib qolmoqda.
Holbuki, Namanganda hali ishga solinmagan shunday behisob imkoniyatlar borligini inobatga oladigan bo‘lsak, o‘zingiz ayting, bunday holat sizlarga yarashadimi”, — deb ta’kidladi Islom Karimov.
Izoh (0)