O‘zbekiston Milliy kutubxonasi fondi Alisher Navoiyning fransuz tilidagi kitoblari bilan to‘ldirildi. Kitoblar Alisher Navoiyning 575 yilligini nishonlash arafasida Fransiya Milliy kutubxonasi tomonidan O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga armug‘on etildi. Bu haqda kutubxona matbuot xizmati xabar bermoqda.
Orphee La Difference nashriyoti tomonidan chop etilgan “Gazels et autres poems” kitobida Alisher Navoiy g‘azallari Hamid Ismoilov va Jan Pyer Balpe tomonidan fransuz tiliga tarjima qilingan. Kitobda tarjimonlar Alisher Navoiy hayoti va ijodi haqidagi qisqacha ma’lumot va asarlari bibliografiyasini keltiradi. Shuningdek, kitobda g‘azal, ruboiy, qit’a, chiston, muhammas, fard, mustahzod kabi adabiy janrlarning ta’rifi va ularga arab va fransuz tillarida namunalar berilgan.
Alisher Navoiyning fransuz tilidagi yana bir kitobi “Gazels” deb nomlangan bo‘lib, Editions Georama nashriyotida chop etilgan. Tarjimonlar Murodxon Ergashev va Jan-Jak Gate. Mazkur kitobda Alisher Navoiy biografiyasi, ijodi va lirikasi haqida hikoya qilinadi hamda g‘azallarining fransuz tilidagi tarjimasi miniatyuralar bilan berilgan. Miniatyuralar musavvir Jahongir Ashurov tomonidan ishlangan.
Fransiyadagi Markaziy Osiyo bo‘yicha ilmiy-tadqiqot instituti direktori Remi Dor tomonidan tarjima qilingan “L’Enigme du Nom Propre. Muammo” kitobi Langues & Mondes nashriyotida chop etilgan. Unda tarjimon muammo janrini ta’riflaydi. Bu janrda shoir o‘z qahramonlarini ismini aytmay turib xarakterlarini tasvirlaydi. Mazkur kitobda Remi Dor Alisher Navoiyning 3 ta asaridan 99 ta muammo yig‘gan. Kitobdagi muammolar 3 tilda: fransuz, o‘zbek va fors tillarida berilgan.
Izoh (0)