Yevrohudud mamlakatlarida 25-noyabr, chorshanba kunidan 20 yevrolik yangi banknot muomalaga kiritildi. Bu haqda “Yevropeyskaya pravda” xabar bermoqda.
“Naqd pul muhim to‘lov vositasi edi va shunday bo‘lib qoladi. Yangi 20 yevroning joriy etilishi bunga yaqqol dalil bo‘lishi mumkin”, — deya ta’kidlagan Yevropa markaziy banki (YeMB) ijroiya kengashi a’zosi Iv Mersh.
Yangi banknotlar 4,3 milliard yevroga teng summada bosib chiqarilgan. Ular amalda bo‘lgan eski “yigirmatalik”ni vaqt o‘tishi bilan yangilab boradi.
Kelgusida 50 yevrolik banknot yangilanishi rejalashtirilgan, biroq YeMB kengashi yangi kupyura joriy etiladigan aniq sanani belgilamadi.
Izoh (0)