“Sport” telekanalining “Sokker klub” ko‘rsatuvining yangi soni kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurashga qaratildi. Ushbu ko‘rsatuv doirasida O‘FF qoshidagi Kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurash qo‘mitasi rahbari Ahrol Inoyatovdan ham intervyu olingan, deb xabar beradi “Uff.uz”.
- Kelishilgan o‘yinlarni aniqlovchi mutaxassislar guruhidan kimlar o‘rin olganini nomma-nom sanab bera olasizmi?- Ha, albatta, ular: Samvel Babayan, Igor Shkvirin, Sardor Rahmatullayev, Farhod Magometov, Baxtiyor Boboyev, Ravshan Ermatov. Hozir mana Kapadzeni jalb etishni ko‘zlab turibmiz. Keyinchalik “Neftchi” va “Nasaf”dan ham vakillar bo‘ladi.
- Siz aytgan mana shu mutaxassislar orasida kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etganlar yo‘qligiga kafolat bera olasizmi?- Agar kimdir o‘z nomiga dog‘ tushirgan bo‘lsa, ular safimizdan o‘chiriladi. Masalan, ilgari mutaxassislar guruhida Rustam Mirsodiqov ham bor edi, ammo uni hozir chetlatganmiz.
Eslatib o‘tamiz, O‘FF prezidenti Mirabror Usmonov joriy mavsum boshlanishi oldidan kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etganlar qattiq jazolanishini aytgan edi. O‘z navbatida 2015-yilning 25-sentabrida bo‘lib o‘tgan “Paxtakor” – “Metallurg” o‘yini (3:2) shubhali deb topilgan va “Metallurg” bosh murabbiyi Rustam Mirsodiqov mavsum oxiriga qadar futboldan chetlatilgan. O‘FF prezidenti Mirabror Usmonov “Paxtakor” klubiga nisbatan mavsum oxirida qat’iy jazo choralari ko‘rilishini va’da qilgan edi.
Izoh (0)