HR bo‘yicha ekspert Alyona Vladimirskayaning Lean Startup Russia 2015 konferensiyasidagi nutqini qisqacha keltirib o‘tamiz.
1. Agar biznesni endi boshlayotgan bo‘lsangiz, jamoaning negizini rekruting resurslarida qidirmang. Loyihaning bosh xanteri va a’zosi faqat siz bo‘la olasiz. Sizga esa shunday kishilar kelishi kerakki, ularda yangi ish topish emas, mahsulotingizga ishonib, uni milliardli biznesga aylantirish niyati bo‘lishi kerak.
2. Loyihaning markazi (asosiy strategik qarorlarni qabul qiluvchi muhim kishilar) besh kishidan ko‘p bo‘lmasligi kerak. Muhim odamlar qanchalik ko‘p bo‘lsa, har qanday qarorlar shunchalik uzoq vaqt davomida qabul qilinadi, chunki barchani tinglab, shuning natijasida bir fikrga kelish kerak bo‘ladi.
3. Loyihaning markazini yig‘ar ekansiz, atrofingizni sizdan farqli mas’uliyatlarga ega kishilar bilan o‘raysiz. Agar loyiha markazida marketing bo‘yicha uch mutaxassis bo‘lsa-yu, texnologiya bo‘yicha birorta ham bo‘lmasa, hech qachon hech narsa qila olmaysiz.
4. Loyiha markazida xarizmatiklar ko‘p bo‘lmasligiga e’tibor bering. Ular hukmronlik va e’tibor uchun o‘zaro nizolarga kirishishi turgan gap. Natijada loyihangiz bir-biri bilan dushman bo‘lgan bir nechta lagerga bo‘linib ketadi, bu esa juda xavfli.
5. Jamoani shakllantirish chog‘ida “minus bir” tamoyiliga amal qiling. Ikki kishidan ko‘p bo‘limning har birida bu tamoyil ishlashi kerak: xodimlarni zarur deb hisoblaganingizdan ko‘ra bir kishiga kamroq miqdorda ishga olasiz. Birinchidan, mehnat to‘lovi jamg‘armasini tejaysiz, ikkinchidan, odamlarga o‘ylash va o‘z ishini optimallashtirish, shuningdek, o‘sish imkoniyatini berasiz.
6. Siz ish boshlaydigan kishilarning bir qismi ketib qolishiga tayyor turing. Shuning uchun ulushlarni “ehtiyotkorlik bilan” tarqating, aks holda yangi kishilarni yollash uchun ulushsiz qolasiz, shu bilan birga, ortingizda sizga yordam bermaydigan, balki ba’zan zarari tegadigan ulushli “yo‘lovchilar” to‘dasi bo‘ladi.
7. Murabbiylardan foydalaning. Sizda bunday imkoniyatni qo‘lga kiritish uchun yetarli mablag‘ yo‘q, biroq kichik ulush berish yoki shunchaki kuchli xushomad qilish orqali sifatli ekspertiza, aloqalar va imkoniyatlarga ega bo‘lasiz.
8. Boshqalardan ko‘ra ko‘proq ishlang. “12 soat emas, kalla bilan ishlash kerak” degan gaplarning barchasi startaplar uchun keyinchalik, biznes muvaffaqiyat qozonganidan so‘ng to‘qib chiqarilgan ertakdir. Jamoa motivatsiyasiga hech narsa, mahsulot ustida ishlash o‘rniga, ma’ruzadan-ma’ruzaga qatnaydigan faunder kabi salbiy ta’sir o‘tkazmaydi.
Esda tuting, bu qoidalarning barchasi startapingizdagi shtatli xodimlar soni 50 dan oshmasa va loyiha boshlanganiga uch yil to‘lmagan bo‘lsagina amal qiladi. Agar bu shartlarning birortasi me’yordan oshgan bo‘lsa, vaziyat umuman boshqacha tus oladi.
Loyiha “Daryo” va StartupFactory.uz tomonidan ishga tushirilgan.
Izoh (0)