Yevroittifoqqa yaqin mamlakatlarda 20 milliondan ziyod ehtimoliy muhojir mavjud. Bu haqda qo‘shnichilik siyosati va kengayish bo‘yicha yevrokomissar Yoxannes Xan YeIning migratsiya masalalariga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sammitiga tashrifi chog‘ida ma’lum qilgan, deya xabar beradi “TASS”.
“Suriyadagi jangovar harakatlar faollashishi bilan muhojirlar oqimi yanada ortadi. Aleppo atrofidagi janglarning o‘zi qo‘shimcha 3 million nafargacha muhojirlar paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Qish yaqinlashayotgani va sovuq ob-havo vaziyatni battar keskinlashuviga olib keladi”, — deya ta’kidlagan yevrokomissar.
Xanning fikriga ko‘ra, YeIning bugungi kundagi asosiy vazifasi chegaradosh davlatlar, birinchi galda Italiya va Gretsiyada muhojirlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va o‘sha joyning o‘zida ulardan qay biri Yevropada boshpana olishga da’vogarlik qilishi mumkinligi yuzasidan qaror chiqarish uchun filtrlash markazlarini tashkil etishdan iborat. Shuningdek, YeI chegaralarni qo‘riqlash choralari va qochoqlarning yashash sharoitlarini yaxshilash uchun chegaradosh davlatlarga moliyaviy yordamni kuchaytirishi lozim.
Navbatdan tashqari samit muhojirlik oqimining Turkiya, Gretsiya va Bolqon davlatlari orqali o‘tadigan “Bolqon yo‘nalishi”ga bag‘ishlangan.
Izoh (0)