2015-yil 19-oktabrda Vazirlar Mahkamasining joriy yilning 9 oyida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan shu yil 16-yanvarda respublika Hukumatining majlisida belgilab berilgan 2015-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalari amalga oshirilishini tahlil qilishga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Majlisda mamlakatni rivojlantirishning asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari hamda islohotlarni yanada chuqurlashtirish va iqtisodiyotni tarkibiy qayta o‘zgartirish, sanoat tarmoqlarini texnik yangilash va diversifikatsiyalash, muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini jadal rivojlantirish, shu asosda mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning jahon bozorlaridagi mavqeini mustahkamlash yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning natijalari har tomonlama ko‘rib chiqildi va chuqur tahlil qilindi. Aholi bandligini ta’minlash, odamlarning farovonligini, turmushi sifati va darajasini oshirish masalalari ham majlis qatnashchilarining diqqat-e’tibori markazida bo‘ldi.
Bugungi kunda butun jahonda rivojlanishning “o‘zbek modeli” sifatida e’tirof etilgan mashhur besh tamoyilga asoslangan chuqur va puxta o‘ylangan strategiyani izchil va aniq maqsadni ko‘zlab amalga oshirish tufayli jahonda davom etayotgan iqtisodiy inqirozga qaramay, O‘zbekistonda makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlari ta’minlanayotganligi qayd etildi. Joriy yilning 9 oyi yakunlari bo‘yicha mamlakatning yalpi ichki mahsuloti 8,0 foizga o‘sdi. Davlat budjeti profitsit bilan ijro etildi. Inflatsiya darajasi prognoz parametrlardan oshmadi.
Izoh (0)