Radikal kayfiyatdagi falastinliklar guruhi yahudiylarning qadamjolaridan biri — Yusuf payg‘ambarniki deya e’tirof etiladigan maqbarani yoqib yubordi. “RBK”ning Isroil harbiylari tarqatgan bayonotiga asoslanib xabar berishicha, Iordan daryosining G‘arbiy sohilida joylashgan Nablus tumanidagi maqbarani yoqib yuborishga 100 ga yaqin odam aloqador.
Falastin xavfsizlik kuchlari olomonni maqbaradan uzoqlashtirishga harakat qilgan, biroq namoyishchilar ichida yonuvchi qorishma bor shisha idish bilan maqbaraga o‘t qo‘yishga ulgurgan.
“Biz mazkur hodisani jiddiy ko‘rib chiqyapmiz va muqaddas qadamjolarga uyushtirilgan hujumlarni qoralaymiz. Yong‘inni keltirib chiqarganlarni izlab topib, hibsga olamiz”, — deyiladi Isroil armiyasi bayonotida.
The Jerusalem Post xabariga ko‘ra, yong‘in oqibatida maqbaraga zarar yetkazilgan. Hodisa natijasida jabrlanganlar haqida hozircha axborot yo‘q.
Izoh (0)