Qatar poytaxti Doha shahrida davom etayotgan boks bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida yarim finalchilar nomi ma’lum bo‘ldi, deb xabar beradi O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.
E’tiborlisi, yarim finalga yo‘l olgan sportchilar orasida olti nafar o‘zbekistonlik bokschi bor.
Bu borada O‘zbekiston Kuba terma jamoasidan keyin ikkinchi o‘rinda bormoqda. Kubaliklarning yetti nafar bokschisi yarim finalda ringga ko‘tariladi. Umuman yarim finalga Kuba va O‘zbekiston terma jamoalari bilan birga Rossiya va Ozarbayjondan – 4 nafardan, Irlandiyadan – 3 nafar, Xitoy, Ukraina va Qozog‘istondan – 2 nafardan, Filippin, Jazoir, Hindiston, Belarus, Braziliya, Tailand, Marokash, Misr, Buyuk Britaniya va Fransiyadan – 1 nafardan bokschi yarim finalga yetib keldi.
Kecha, 10-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan chorak final bahslarida O‘zbekistondan Murodjon Ahmadaliyev (-56 kg) tailandlik raqibini, Elnur Abduraimov (-60 kg) mo‘g‘ulistonlik raqibini, Fazliddin G‘oipnazarov (-64 kg) italiyalik raqibini, Bektemir Meliqo‘ziyev (-75 kg) Rossiya vakilini, Bahodir Jalolov (+91 kg) iordaniyalik raqibini va nihoyat Elshod Rasulov (-81 kg) qozog‘istonlik Adilet Niyazimbetovni mag‘lubiyatga uchratdi.
10-oktabrda ringga ko‘tarilgan o‘zbekistonlik bokschilardan faqat Rustam To‘laganov kubalik Erislandi Savonga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Izoh (0)