O‘zbekistonlik ishchi guruhi a’zolarining Madina shahridagi sermahsul faoliyatini O‘rta Osiyo va Afg‘oniston hojilariga xizmat ko‘rsatuvchi muassasa tomonidan yuksak e’tirof etildi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, hojilarni kutib olish, joylashtirish, ziyorat va kuzatishda joriy qilingan tartib-intizom hamda ko‘rsatilgan faollik uchun O‘zbekiston haj ishchi guruhi mazkur muassasa tomonidan maxsus maqtov yorlig‘i bilan taqdirlandi.
Madina shahridagi haj ishchi guruhi a’zolari o‘zbekistonlik ziyoratchilarni aeroportdan kutib olish, mehmonxonaga joylashtirish, Madina shahridagi muqaddas joylarni ziyorat qildirish va ularni Makka shahriga kuzatish kabi tashkiliy ishlarni tizimli olib bordi. O‘z navbatida, namunali hamkorliklari uchun o‘zbekistonlik ishchi guruhi tomonidan O‘rta Osiyo va Afg‘oniston hojilariga xizmat ko‘rsatuvchi muassasa rahbarlariga tashakkur bildirildi.
“Tashakkurnoma ishchi guruhimizning kelgusidagi ishlarida qo‘shimcha rag‘bat bo‘lib, o‘z ishlariga yanada mas’uliyat bilan yondoshishlariga xizmat qilishi shubhasiz”, — deyiladi idora bayonotida.
Izoh (0)