Hindiston koinot tadqiqotlari tashkiloti (ISRO) sentabr oxirida mamlakat tarixida ilk bor koinot kengliklarini elektromagnit nurlanishining bir yo‘la besh diapazonida o‘rganadigan Astrosat observatoriyasini uchirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Mutaxasssislari observatoriya bortida o‘rnatilgan UVIT ultrafiolet teleskopini yaratishda ishtirok etgan Kanada koinot agentligi bilan hamkorlikdagi loyiha qiymati 45 million dollarga baholanmoqda. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.
Hind astrofiziklarining ta’kidlashicha, deyarli 20 yil mobaynida yaratilgan mazkur qurilma birinchi galda hozirgacha kam o‘rganilgan rentgen yulduzlarini kuzatadi. Bunday yulduzlarni optik, rentgen va ultrafiolet diapazonlarda bir paytning o‘zida kuzatish ularda joylashgan “qora o‘ralar” tabiatini tadqiq etish imkonini beradi.
Astrosat Andxra Pradesh shtatidagi Shrixarikota kosmodromidan 28-sentabr kuni uchirilishi rejalashtirilgan. Agar parvoz muvaffaqiyatli amalga oshsa va barcha sinovlardan eson-omon o‘tsa, ISRO mutaxassislari observatoriya orbitada kamida besh yil faoliyat ko‘rsatishiga umid qilmoqda.
Izoh (0)