Navoiyda O‘zbekiston mustaqilligining 24 yilligiga bag‘ishlab “Keksalarni e’zozlash – muqaddas burchimizdir” nomli ijtimoiy aksiya o‘tkazildi, deb xabar beradi O‘zA.
“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi viloyat kengashi tomonidan “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi hamkorligida Nogironlar uchun viloyat mintaqaviy reabilitatsiya markazida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston prezidenti rahnamoligida yoshi ulug‘ insonlarga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, ularga munosib turmush sharoiti yaratish, salomatligini mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani ta’kidlandi.
“O‘zbekiston – keksalari qadr topgan yurt” loyihasi doirasida o‘tkazilgan aksiyada nogironlar, keksalar, partiya faollari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
– Mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish, ayniqsa, keksalarning sog‘lig‘ini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi mehnat faxriysi Rustam Shodiyev. – Nogironlar uchun viloyat mintaqaviy reabilitatsiya markazida ham nuroniylarning davolanishi, salomatligini tiklashi uchun barcha sharoit yaratilgan. Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz arafasida bizni yana bir bor e’zozlab, yuksak ehtirom ko‘rsatilganidan ko‘ngillarimiz tog‘dek ko‘tarildi.
Tadbirda faxriylarga bayram sovg‘alari topshirildi. Taniqli san’atkorlar va yosh ijrochilar ishtirokidagi konsert dasturi yig‘ilganlarga o‘zgacha zavq-shavq bag‘ishladi.
Izoh (0)