Buxoro viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi tomonidan “Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi O‘zA.
“Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda yolg‘iz va ijtimoiy yordamga muhtoj keksalar, ehtiyojmand oilalar vakillari ishtirok etdi. Tadbirda 212 kir yuvish mashinasi, changyutgich, mikro to‘lqinli pech kabi bir qator maishiy texnika jihozlari topshirildi.
Tadbir doirasida boshqa bir qator xayriya loyihalari ham o‘tkazildi. Mana, bir necha yildirki, viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan iqtidorli talabalarga “Kasaba uyushmalari – talabalarga” loyihasi doirasida stipendiya joriy etgan. Bu yil ham 21 talabaga ana shunday stipendiya beriladigan bo‘ldi.
Tadbirda sihatgohlarda o‘z salomatligini mustahkamlashi uchun keksalarga bepul yo‘llanmalar berildi. O‘zbekiston tinchligi va chegaralar daxlsizligini ta’minlash chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va ichki ishlar idoralari xodimlari oilalariga moddiy yordam ko‘rsatildi.
Taniqli san’atkorlarning chiqishlari tadbirga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.
Izoh (0)