Italiyaning Milan shahrida baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionati bahslari nihoyasiga yetdi, deb xabar beradi O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.
2016-yili Rio-de-Janeyro shahri (Braziliya)da o‘tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlarining litsenziyalari o‘ynalgan mazkur dunyo birinchiligida O‘zbekiston sharafini 11 nafar sportchi – Vadim Menkov, Gerasim Kochnev, Serik Mirbekov, Dilnoza Raxmatova, Nilufar Zokirova (barchasi kanoeda), Aleksey Machalov, Vyacheslav Gorn, Ernest Irnazarov, Olya Umaraliyeva, Yulya Borzova (barchasi baydarkada) himoya qildi.
O‘ta murosasiz ruhda bo‘lib o‘tgan musobaqalar yakunlariga ko‘ra, o‘zbekistonliklardan eng yuqori ko‘rsatkichga baydarkachi Aleksey Machalov va kanoechilar Dilnoza Rahmatova hamda Nilufar Zokirova erishdi.
Aleksey Machalov baydarkada 500 metr masofaga bo‘lib o‘tgan poygada “A” guruhi ishtirokchilari orasida hal qiluvchi final bosqichida ishtirok etdi va yakunda 8-o‘rin bilan kifoyalandi. O‘zbekistonlik kanoechi qizlar ham ikki kishilik qayiqda o‘tkazilgan poygalarda kuchli sakizlikdan o‘rin egalladi. Afsuski, ushbu natijalar o‘zbekistonliklarga Rio—2016 o‘yinlarining yo‘llanmasini qo‘lga kiritishlari uchun yetarli emas edi.
Endi o‘zbekistonlik baydarka va kanoechilar joriy yilning noyabr oyida Indoneziyada o‘tkaziladigan Osiyo chempionatiga qizg‘in hozirlik ko‘radi. Sababi mazkur qit’a chempionatida ham XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlarining yo‘llanmalari o‘ynaladi.
Izoh (0)