Avtomobilni boshqarib ketayotgan ayollar shu ish bilan band erkaklarga nisbatan ikki barobar kam selfiga tushadi. Bu haqda, “RIA Novosti”ning xabar berishicha, Britaniya professional haydovchilik instituti (IAM) tomonidan o‘tkazilgan so‘rovdan so‘ng ma’lum bo‘ldi.
So‘rovnomada qatnashganlarning to‘qqiz foizi so‘nggi bir oy davomida rulda o‘tirib, selfiga tushganini tan olgan. Tadqiqotda qatnashganlarning sakkiz foizi esa avtomobilni haydab ketayotgan vaqtida videoqo‘ng‘iroqlardan foydalanganini ma’lum qilgan.
IAM’ning qayd etishicha, “avtomobilni boshqarish vaqtida smartfondan foydalanish alkogolning ruxsat etilgan darajasini iste’mol qilgan holda yoki nasha ta’sirida mashina haydashdan-da xavfliroq” ekani 2012-yilgi tadqiqotlardayoq tasdiqlangan edi.
So‘nggi tadqiqot natijalari rulda o‘tirgan holda video ko‘rish holatlari 18-24 yoshlilar orasida 13 foizga, 25-32 yoshlilar orasida esa 15 foizga o‘sganini ko‘rsatdi. Mashina haydash vaqtida internetdan foydalanish ko‘rsatkichi esa 18-24 yoshlilar orasida 27 foizga, 25-34 yoshlilar orasida esa 34 foizgacha ortgan.
“Shunga qaramay, Britaniyada smartfondan foydalangani uchun jarimaga tortilgan haydovchilar soni 2014-yilga nisbatan 40 foizga kamaygan”, — deyiladi IAM tadqiqotida.
Izoh (0)