Yaponiyaning Nagasaki prefekturasida Henn-na nomli robotlar xizmat qiladigan dunyodagi birinchi mehmonxona ochildi. Bu haqda yapon matbuoti ma’lumotlari asosida “Korrespondent.net” xabar bermoqda.
Ayni paytda mehmonxonada sun’iy zakovatga ega o‘n “xodim” faoliyat boshlagan: uch ma’mur, to‘rt shveysar, ikki oqsoch va bir garderob uchun javob beruvchi. Mashinalar, shuningdek, kofe tayyorlash, xonani yig‘ishtirish, yangi choyshab va yostiq jildlar keltirish kabi yumushlarni ham bajaradi. Ularni chorlash uchun har bir mehmonga beriladigan, maxsus dastur bilan jihozlangan planshetdagi bir juft tugmani bosish kifoya.
Sun’iy aql vakillari yuraksiz mashinalarga insoniy qiyofa baxsh eta olgan Koroko kompaniyasi tomonidan ishlab chiqildi. Masalan, qabulxonadagi robotlar xuddi yapon qizlariga o‘xshaydi: nafas oladi, ko‘zini pirpiratadi, yapon, xitoy, koreys va ingliz tillarida bemalol gaplashadi.
Mehmonxona unchalik katta emas, bor-yo‘g‘i ikki qavat va 72 ta xonadan iborat. Agar g‘oya muvaffaqiyatli chiqib, Henn-na tanilib ketgudek bo‘lsa, mutaxassislar butun dunyo bo‘ylab mingga yaqin shunday mehmonxonalar ochishni rejalashtirgan.
Izoh (0)