Toshkent shahrining Shahrisabz ko‘chasida, “Oybek” metro bekati yaqinida Spark rusumli avtomobil yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishlarini ajratib turuvchi to‘siqqa urilib, oltita panjaraning buzilib ketishiga sabab bo‘ldi. Bu haqda Facebook’dagi “Voditeli Tashkenta” guruhida xabar berilgan.
Guruhda keltirilgan fotosuratlarda old qismi jiddiy zarar ko‘rgan, orqa qismiga ham zarar yetgan Spark avtomobili, bir nechta panjarasi buzilib, yo‘lda yotgan to‘siq aks etgan.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, ikkita mashina Bobur nomidagi istirohat bog‘i tomonidan katta tezlikda kelishi natijasida ushbu yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Haydovchiga zarar yetmagani aytilgan. Hodisaning boshqa tafsilotlari ma’lum emas, jabrlanganlar haqida ma’lumot yo‘q. Qayd etilishicha, yo‘l tez orada tozalanib, to‘siq ham o‘z holatiga qaytarilgan.
Izoh (0)