Tailandda o‘n kishi qirollik tuzumini haqorat qilganlikda ayblanib, besh yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda mahalliy OAV xabarlariga asoslanib, “TASS” xabar bermoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, sud tomonidan jazoga hukm etilganlarning barchasi mamlakat fuqarolari. Ularning hibsga olinishiga, ayblov tomoni ta’kidlaganidek, ijtimoiy tarmoqda “mavjud tuzum va qirol sha’niga haqorat” aks etgan video va audiomateriallar tarqatgani sabab bo‘lgan. 2009-yildan beri ular tomonidan Internetga joylashtirilgan bunday manbalarning soni 400 dan ziyod.
Tailandda qirol va qirollik tuzumi obro‘sini to‘kuvchi xatti-harakatlar og‘ir jinoyat hisoblanadi va 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadi.
Izoh (0)