Fransiyalik taniqli rejissor Lyuk Besson 2016-yil yanvar oyida “Valerian va 1000 sayyora shahri” nomli ilmiy-fantastik filmni suratga olishga kirishadi. Bu haqda uning o‘zi AQShning San-Diyego shahrida bo‘lib o‘tayotgan Comic-Con komikslar va pop-madaniyat festivalida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “TASS”.
“Bu mening ijodiy faoliyatimdagi eng tavakkalchi loyiha bo‘ladi. 2009-yilda Jeyms Kemeronning “Avatar” filmini ko‘rgach, film ssenariysining birinchi variantini yo‘q qilgan edim. Men uni oddiyligi uchun chiqindi qutisiga tashladim, bu uning asosiy kamchiligi edi. Kemeron hayratlanarli dunyo yaratish mumkinligini ko‘rsatib berdi va men bir boshidan boshlash kerakligini tushundim”, − dedi Besson.
Byudjeti 180 million dollarlik filmda bosh rollarni amerikalik aktyorlar Deyn DeXaan va britaniyalik top-model Kara Delevin ijro etadi. Filmda jami besh nafar aktyor ishtirok etadi, qolgan barcha ishni kompyuter grafikasi bajaradi. Ilk marta 1967-yilda fransuz yozuvchisi Pyer Kristin va fransuz rassomi Jan-Klod Mezye tomonidan yozilgan komiks asosida ishlanadigan film voqealari 26-asrda bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)