NASA xodimi Skott Tibbits haydovchilarning telefonida xabarlarni yo‘llash va qabul qilishni hamda qo‘ng‘iroqlarni bloklab qo‘yadigan qurilma ishlab chiqdi. Bu haqda “Nur.kz” xabar bermoqda.
Tibbits 2008-yili ish bo‘yicha hamkorlaridan biri taksichining xatosi bilan vafot etganidan so‘ng mazkur qurilmani ishlab chiqishga qaror qilgan – o‘shanda taksi haydovchisi yo‘lda SMS yozishga uringani avtohalokatga sabab bo‘lgandi.
Avstraliyada harakat vaqtida mobil telefonlardan faol foydalanuvchi haydovchilar aybi bilan yo‘l-transport hodisalari soni tinimsiz o‘sib borayotgani sabab, Tibbits o‘z xizmatlarini aynan mazkur mamlakat telekommunikatsiya va sug‘urta kompaniyalariga taklif qildi.
Kashfiyotning tafsilotlari ma’lum qilinmayapti. Biroq, “Sinxua” ma’lumotlariga ko‘ra, qurilma rul ostiga o‘rnatiladigan va 1996-yildan keyingi davrda ishlab chiqarilgan aksariyat avtomobillarda ishlay oladigan blokiratordir.
Gadjet avtomatik ravishda Internetga ulanadi va dvigatel ishlashni boshlashi bilan haydovchining smartfonini “o‘chirib” qo‘yadi, biroq harakat vaqtida zarur bo‘ladigan GPS modulini blok qilmaydi.
Izoh (0)