Facebook’dagi “Potrebiteli.uz” guruhi a’zolaridan biri ichida pullari va plastik kartochkasi bilan yo‘qolgan hamyonini topib bergan Toshkent shahar Qo‘riqlash Boshqarmasi 1-alohida batalyoni mayori Ergashev Bahodir Shavkatovichga minnatdorchilik bildirib xabar qoldirdi.
Qayd etilishicha, ayol taksiga chiqayotganida hamyonini tushirib qoldirgan. Uning ichida katta miqdordagi pul, “Trastbank” tomonidan berilgan plastik kartochka va kichik surati bo‘lgan. Ayol e’tiborsizligi uchun o‘zini koyib, “o‘tgan ishga salovat” deya o‘zini tinchlantirishni boshlagan.
Shu vaqtda unga “Trastbank”dan qo‘ng‘iroq qilib, militsioner Yelena ismli ayolga tegishli plastik kartochka va hamyonni bankka olib kelganini ma’lum qilishgan. Bankda ayolning surati uning asli bilan solishtirilganidan so‘ng, mayor Ergashevning o‘zi unga yo‘qotganlarini qaytarib bergan.
Xabar ostida izoh yozgan foydalanuvchilar militsiya mayorini maqtov ostida qoldirdi.
Izoh (0)