O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlariga qarashli Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi harbiy qismning chegara posti yangi binosi foydalanishga topshirildi, deb xabar beradi O‘za.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda harbiy xizmatchilar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, urush va mehnat fronti faxriylari, yoshlar ishtirok etdi.
Sohaning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanayotgani harbiy xizmatchilarning mas’uliyatli va sharafli vazifani muvaffaqiyatli ado etishida muhim omil bo‘lmoqda. O‘zbekiston Respublikasi janubi-g‘arbiy chegarasi hududlaridan birida zamonaviy infratuzilmaga ega yangi chegara posti majmuasining foydalanishga topshirilgani bu yo‘nalishdagi ishlarning amaliy samarasidir. Yangi binoda chegarachilarning o‘z jangovar tayyorgarligi, bilim, ko‘nikma va malakasini oshirishi, xizmat burchini muvaffaqiyatli o‘tashi uchun barcha sharoit yaratilgan.
Tadbirda chegara posti qurilishida alohida o‘rnak ko‘rsatgan quruvchilar taqdirlandi. Shuningdek, shartnoma asosida xizmat qiluvchi oilali harbiylarga xizmat uylarining kalitlari topshirildi.
Taniqli san’atkorlarning Vatan, tinchlik, do‘stlik va yoshlikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlari tadbirga bayramona shukuh bag‘ishladi.
Tadbirda Buxoro viloyati hokimi M.Esonov so‘zga chiqdi.
Izoh (0)