Yevropaning eng keksa erkagi, 8-iyun kuni 111 yoshga to‘lgan Nazar Singh vafot etdi. The Daily Mail xabariga ko‘ra, britaniyalik fuqaro 20-iyun, shanba kuniga o‘tar kechasi hayotdan ko‘z yumgan.
Asli Hindistondan bo‘lgan Singh o‘z vatanida jon taslim qildi – u joriy yil boshida o‘g‘illarinikiga mehmon bo‘lib kelgandi. Uning nevarasi Xarvinder Gillning ma’lum qilishicha, bobo bir necha hafta avval pnevmoniya bilan kasallangan.Avvalroq 111 yoshli erkak o‘z tavallud ayyomini bir krujka pivo va bir bokal viski bilan nishonlagani haqida xabar berilgan edi. Singh o‘zining uzoq yashash siri sifatida ko‘p uxlash, sog‘lom hayot tarzi va mazkur spirtli ichimlik iste’molini ko‘rsatgandi.
Nazar Singh 1904-yil 8-iyun kuni Hindistondagi kichik bir qishloqda tug‘ilgan. 10 yoshidan boshlab shakarqamish, paxta, makkajo‘xori, bug‘doy yetishtirishda oilaga ko‘mak bergan. U bundan to‘rt yil avval bog‘dorchilik bilan shug‘ullanishni bas qilgandi.
1932-yili Nazar Singh qo‘shni qishloqda yashaydigan Narayan Kuar ismli qiz bilan kelishuv bo‘yicha oila qurgan, ular birgalikda to‘qqiz farzand ko‘rgan. Uning turmush o‘rtog‘i 12 yil avval, 90 yoshida vafot etgan. Erkakning 34 nevarasi va 64 chevarasi bor. Singhning to‘ng‘ich farzandi yaqinda 78 yoshga to‘ldi.
1965-yili Nazar Singh oilasi bilan Angliyaga ko‘chib o‘tib, qariyb 25 yil quyuv zavodida ishladi.
Izoh (0)