Hammualiflar X. N. Zaynidinov, J. F. Karabayev va O. T. Mamirova o‘zini o‘zi boshqarish organlarining “Elektron mahalla” axborot tizimi dasturini ishlab chiqdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Intellektual mulk agentligi.
Ushbu tizim o‘zini o‘zi boshqarish organlarining faoliyatini qog‘ozsiz ish yuritish texnologiyasi bo‘yicha avtomatlashtiradi hamda organlar faoliyatida ijtimoiy-iqtisodiy vazifalar boshqaruvini avtomatlashtirib, mahalla fuqarolarining ijtimoiy hayotida axborot texnologiyalaridan foydalanishni ta’minlaydi.
Davlat organlari qaror va vazifalarini amalga oshirishda jamoatchilik ishtirokini avtomatlashtirish bilan mahallalarda axborot-telekommunikatsion infrastrukturasini rivojlantiradi.
“Elektron mahalla” axborot tizimi o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati jarayonida kelib chiqadigan quyidagi masalalarni avtomatlashtiradi: mahalliy axborot resurslarini shakllantirish va ulardan foydalanish; o‘zini o‘zi boshqarish organlarining fuqarolar, yuridik shaxslar, ijtimoiy va siyosiy tashkilotlar va h.k. bilan telekommunikatsion tarmoqlar yordamida o‘zaro hamkorlik qilishi; davlat hokimiyati organlari bilan axborot almashish.
Tizim veb-texnologiya asosida ishlaydi. Tizimni internet tarmog‘ida yoki alohida kompyuterda avtonom holda ishlatish mumkin. Mualliflar jamoasiga ushbu dastur uchun № DGU 03105 raqamli guvohnoma berildi.