Belgiyada “Uzbekistan Profile” nomli yangi oylik axborot byulleteni nashrdan chiqa boshladi. Bu haqda “Jahon” axborot agentligi xabar bermoqda.
O‘zbekistonning Bryusseldagi elchixonasi tomonidan chop etiladigan ushbu nashrda O‘zbekistonning zamonaviy ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi haqidagi xabar-maqolalar muntazam ravishda yevropalik o‘quvchilarning e’tiboriga havola qilinadi.
Ingliz tilida chiqa boshlagan “Uzbekistan Profile” Yevropaning siyosiy, ishbilarmon, ekspert va jamoatchilik doiralari, Yevropa Ittifoqi institutlari, Yevroparlament, NATO vakillari hamda Bryusselda akkreditatsiyadan o‘tgan boshqa xalqaro tashkilotlar o‘rtasida tarqatiladi.
Nashrning birinchi sonidan O‘zbekiston Prezidentining Janubiy Koreyaga tashrifi, “O‘zbekiston - Yevropa Ittifoqi” hamkorlik kengashining 12-yig‘ilishi yakunlari, O‘zbekiston TIV rahbarining Islom konferensiyasi tashkiloti Vazirlar kengashining 42-sessiyasidagi ishtirokiga oid xabarlar, “Keksalarni e’zozlash yili”ga bag‘ishlangan maqolalar, xususiy mulkning ishonchli muhofazasi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik taraqqiyoti, bu jabhani rivojlantirish yuzasidan O‘zbekistonda ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqidagi axborotlar o‘rin olgan.
Izoh (0)