Avstriya va O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi ishtirokidagi JCh nimchorak final o‘yinidan keyin tashkil etilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston U-20 terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov o‘yin haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi, deb xabar beradi “Uff.uz”.
“Biz chorak finalda to‘xtamoqchi emasmiz. Biz musobaqaga avvalgi natijalarimizni yaxshilash maqsadida kelganmiz. Futbolchilar ham buni yaxshi biladi. Bugungi o‘yinda himoyada ehtiyotkorlik bilan o‘ynab, raqiblarni qarshi hujumda jazolashga harakat qildik. Bu taktikamiz ish berdi.
Birinchi bo‘limda sovuqqonlik yetishmadi, ammo ikkinchi bo‘limda bir oz bosimni oshirdik. Himoyachilarimiz hujumga yaxshi qo‘shildi. Doston Hamdamov ikki goli bilan bizga g‘alaba keltirdi, ammo g‘alaba uchun barcha birdek ter to‘kdi. Maydondagi barcha futbolchilar g‘alabaga birdek hissa qo‘shdi.
To‘g‘ri tanlangan taktika va futbolchilarning bor kuchlarini berib o‘ynaganliklari tufayli bugun g‘alabaga erishdik. Bizni qo‘llab-quvvatlab turgan barchaga rahmat!”, — deydi Haydarov.
Eslatib o‘tamiz, yoshlar o‘rtasidagi JChning nimchorak finalida O‘zbekiston Avstriyani 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Izoh (0)