LG bir millimetrdan ham ingichka ilk televizorini namoyish qildi
LG kompaniyasi 55 dyuymli OLED ekranga ega o‘ta yupqa televizorini namoyish etdi, deb xabar beradi The Korea Times.
Qurilma Janubiy Koreya poytaxti Seulda o‘tkazilgan sanoat ko‘rgazmasida namoyish qilindi. Televizorning og‘irligi taxminan 2 kilogrammni tashkil etadi va u devorga magnit qoplama yordamida mahkamlanadi.
Ushbu prototip LG kelajakda OLED-texnologiyasi rivoji uchun jiddiy e’tibor qaratishi va shunga o‘xshash mahsulotlar yaratishi isboti sifatida ko‘rsatildi. Hozircha uning qachon sotuvga chiqarilishi noma’lum.
LG’ning hozirga qadar 55 dyuymli OLED-televizorlari orasidagi eng ingichkasi 4,3 millimetrni tashkil etardi.
LG — OLED ekranlarini chiqarishda eng yetakchi kompaniyalardan biridir va uning bu yo‘nalishdagi asosiy raqobatchisi Samsung hisoblanadi. LG displeylarni o‘z qurilmalari uchun ham, uchinchi kompaniyalarga sotish uchun ham ishlab chiqaradi.
