“O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik temir yo‘l kompaniyasi Buxoroga qatnaydigan yana 2 ta tezyurar poyezd sotib olish bo‘yicha so‘nggi shartlarni kelishmoqda, deb xabar beradi Uzbekistan Today.
Mart oyida “O‘zbekiston temir yo‘llari” va Ispaniyaning Patentes Talgo, S.L. kompaniyasi o‘zaro hamkorlik qilish bo‘yicha memorandum imzolagandi. 3-may kuni yangi shartnomaning so‘nggi tafsilotlari hal qilinayotgani ma’lum bo‘ldi.
Kompaniyaning bosh muhandis-menejeri Sherzod Ismatullayevning so‘zlariga ko‘ra, hozircha shartnoma imzolanmagan, ammo jarayon davom etyapti.
“Bu ish hali ham o‘rganib chiqilmoqda, katta ehtimol bilan Ispaniya kompaniyasidan yana ikkita poyezd sotib olamiz. Chunki birinchi sotib olingan ikkita poyezd o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatdi”, — dedi Ismatullayev.
U yangi poyezdlarga ba’zi o‘zgartirishlar kiritilishi va ikkita qo‘shimcha vagon qo‘shilishini ham aytib o‘tdi. Kompaniya so‘nggi vaqtlarda tezyurar poyezd chiptalariga talab oshganini inobatga olib, Talgo poyezdlari sonini ko‘paytirmoqchi. “Toshkent-Samarqand” yo‘nalishining o‘zida so‘nggi oylarda bir necha marta qo‘shimcha reyslar amalga oshirildi.
Izoh (0)