Apple va IBM o‘rtasida o‘tgan yili boshlangan hamkorlik bozorga yangi gadjetlar chiqarish bilan cheklanib qolmaydigan ko‘rinadi. 30-aprel kuni Yaponiyada keksalarga 5 million dona iPad bepul sovg‘a qilindi, deb xabar beradi “Mail.ru”.
Xayriya loyihasining maqsadi – nafaqaxo‘rlar hayotini yaxshilashga qaratilgan.
Apple va IBM tomonidan sovg‘a qilingan har bir planshetda maxsus ishlab chiqilgan dastur bor. Ilova orqali dori qabul qilish, badantarbiya bilan shug‘ullanish, parhezli ovqat tayyorlashni unutmaslik kabi eslatmalarni yaratish mumkin. Dastur do‘konlardan mahsulot xarid qilishni va uy xo‘jaligida yordam berish xizmatini chaqirishni yengillashtiradi. Bundan tashqari har doim qarindosh va yaqinlar bilan aloqada bo‘lib turish uchun ijtimoiy tarmoqlarda muloqot boshlash imkoniyatini beradi. Ko‘rish va eshitish qobiliyati past kishilar uchun planshetning alohida sozlamalari bor.
iPad’ning aynan qaysi avlodi yaponiyalik nafaqaxo‘rlarga taqdim etilganini Apple ma’lum qilmadi. Lekin yuqorida sanab o‘tilgan funksiyalar uchun planshetning eng yangi versiyasi shart emas. Yaponiyaning pochta xizmati ham ushbu aksiyaga qo‘shildi, shu sababli iPad’larni yetkazib berish uchun kompaniya pul sarflab o‘tirmadi.
Apple ma’lumotlariga ko‘ra, Yaponiyada taxminan 33 million keksa odam yashaydi, ular mamlakat aholisining deyarli to‘rtdan birini tashkil qiladi. Keyingi 40 yil ichida bu ko‘rsatkich 40 foizga o‘sishi kutilmoqda, shu tufayli qariyalarga bepul planshetlarni taqdim qilish Yaponiyada muhim masala hisoblanadi.
Izoh (0)