O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ko‘magida Toshkent shahridagi Inxa universitetida o‘tkazilgan videokonferensiyada mamlakatimizning barcha hududlaridagi akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari ishtirok etdi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Videokonferensiyani o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad abituriyentlar va ularning ota-onalarini mazkur oliy o‘quv yurtiga hujjat qabul qilish shartlari va imtihon tartibi haqida xabardor qilish, shuningdek, universitetda yaratilgan sharoitlar va o‘quv jarayoni bilan tanishtirishdir.
– Universitetimiz O‘zbekistonning barcha hududlaridan iste’dodli yoshlarni qabul qilishdan manfaatdor, – dedi universitetning birinchi prorektori Park Se Gun. – O‘tgan bir yil mobaynida o‘quv jarayonini yo‘lga qo‘ydik va bu yil qabul qilinadigan talabalarning moslashishi unchalik qiyin bo‘lmaydi.
Toshkent shahridagi Inxa universiteti vakillari 2015−2016-o‘quv yilida 250 nafar – komputer injiniringi yo‘nalishiga 120, dasturiy injiniring yo‘nalishiga 130 talaba qabul qilinishini ma’lum qildi. Abituriyentlar hujjatlarni 17-iyulga qadar universitetning rasmiy veb-sayti – www.inha.uz orqali onlayn rejimida topshirishi mumkin.
Imtihonlar ingliz tilida bo‘lib o‘tadi. Imtihon topshirish uchun abituriyentlardan 5 balldan kam bo‘lmagan IELTS yoki 60 balldan kam bo‘lmagan TOEFL IBT sertifikatiga ega bo‘lish talab etiladi. Joriy yilda abituriyentlar va ularning ota-onalari istagi inobatga olingan holda, IELTS va TOEFL IBT sertifikatiga ega bo‘lmaganlar uchun universitetda ingliz tili bo‘yicha qo‘shimcha imtihon tashkil etiladi. Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tish uchun berilgan topshiriqlarning kamida 60 foizini yechish zarur. Imtihonlar 3-may va 5-iyulda o‘tkaziladi. Imtihondan o‘tolmagan abituriyentlarga qayta topshirish imkoniyati beriladi. Matematika va fizika fanlari bo‘yicha imtihonlar 26-iyul kuni yozma ravishda bo‘ladi.
Sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan abituriyentlar to‘lov-shartnoma asosida o‘qiydi. Eng yuqori ball to‘plagan o‘n nafar abituriyent universitetga grant asosida qabul qilinadi. Ularning o‘qishi uchun mablag‘ni mamlakatimizning yetakchi kompaniyalari to‘laydi va keyinchalik ish bilan ta’minlaydi.
Izoh (0)