Har yili butun jahonda xitoy tili va madaniyati keng targ‘ib qilish maqsadida xitoy tilini o‘rganayotgan talabalar orasida “Xitoy tili ko‘prigi” xalqaro tanlovi o‘tkaziladi. Ayni damda jahonning bir qator mamlakatlarida shu yil Xitoyda o‘tkazilishi kutilayotgan tanlovning finaliga borishni maqsad qilgan talabalar orasida saralash bosqichlari bo‘lib o‘tmoqda, deb xabar beradi “Sharh.uz”.
Toshkentdagi O‘zbekiston Respublikasi Ichki Ishlar vazirligining Madaniyat saroyida O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlarida xitoy tili bo‘yicha ta’lim olayotgan talabalar o‘rtasida saralash musobaqalari bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatdagi turli oliy ta’lim dargohlarida ta’lim olayotgan talabalar ishtirok etdi.
Tanlov 3 qismdan iborat bo‘lib, unda talabalar Xitoy tilida chiqish qildi hamda xitoy tili bo‘yicha berilgan savollarga javob qaytardi. Uch soatdan ortiq davom etgan tadbirda ishtirok etgan talabalar musiqa va san’atga bo‘lgan qiziqishlarini ham xitoy tilida namoyish qildi. Ular xitoy tilida she’r va qo‘shiqlar kuylab, Xitoy raqslarini ijro etdi.
Tanlovning g‘olibi – GranPri sohibi Samarqand Davlat chet tillari instituti 4-bosqich talabasi Zarkamol Munisov Xitoyda o‘tkaziladigan jahon tanlovida ishtirok etadi. Birinchi o‘rinni egallagan Jahon tillari universiteti 3-kurs talabasi Navro‘zbek Shamsiddinov esa tomoshabin sifatida xalqaro tanlovda qatnashadi. Xarajatlar Xitoy tomonidan qoplanadi. Tanlovning qolgan ishtirokchilariga sovg‘alar topshirildi.
Ta’kidlash joizki, Xitoy Xalq Respublikasi elchixonasi hamkorligida tashkil etilayotgan “Xitoy tili ko‘prigi” tanlovi O‘zbekistonda o‘n to‘rtinchi marotaba o‘tkazildi.
Izoh (0)