Nepal hukumati 25-aprelda sodir bo‘lgan zilzila oqibatida halok bo‘lganlar xotirasiga 28-aprel, seshanba kuni uch kunlik motam e’lon qildi, deb xabar beradi “RIA Novosti”.
Zilzila qurbonlari 4353 kishiga yetdi, yana 8000 dan ortiq odam turli darajada tan jarohatlari oldi.
DPA agentligi bergan ma’lumotga ko‘ra, Nepal hukumati imkoniyatlarning cheklanganligi sababli yaralangan va halok bo‘lganlarni qidirish ishlari kutilganidan ko‘proq vaqt olishini qayd etgan. “Biz bunday katta ko‘lamdagi falokatga tayyor emasdik”, — dedi Nepal Ichki ishlar vaziri Bam Dev Gautam.
IIV vakili yana Sindxupalchok, Rasuva va Gorkxa tumanlaridagi bir nechta qishloqlarga qutqaruvchilar yetib bora olmayotganini ham aytib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, 25-aprel kuni yuz bergan 7,9 magnitudali yer qimirlashidan so‘ng bir qancha aftershoklar ham kuzatildi.
Avval xabar berganimizdek, takroriy zilzilalar tufayli Nepal prezidenti 26-aprelga o‘tar kechasi tunni chodirda o‘tkazdi.
Izoh (0)