Pokistonning shimoli-g‘arbidagi kuchli yomg‘ir oqibatida yuzaga kelgan suv toshqinlari sababli 37 kishi halok bo‘ldi, 200 dan ortiq odam turli tan jarohatlari oldi. Bu haqda mahalliy hukumatga tayanib, Reuters agentligi xabar qilmoqda.
Kuchli bo‘ron daraxtlarni va simyog‘ochlarni ag‘darib, uylarni buzib yubordi. Viloyat axborot vaziri Xayber-Paxtunxva Mushtak G‘anining so‘zlariga ko‘ra, barcha kasalxonalarda favqulodda vaziyat joriy qilingan.
Jalaning kechasi bilan yog‘ishini inobatga olgan holda shtat poytaxti hisoblanmish Peshovar shahri aeroportida barcha reyslar qoldirilgan.
Yomg‘ir infratuzilmaga ham jiddiy zarar yetkazgan. Tabiiy ofat ro‘y bergan hududga qidiruv-qutqaruv ishlarini olib borish uchun harbiylar jo‘natilgan.
2014-yilning avgust oyi oxiri va sentabr oyining boshida bir necha suv toshqinlari natijasida Pokistonning shimoli-g‘arbiy viloyatlarida 300 ga yaqin kishi halok bo‘lgandi. 2010-yildagi toshqin oqibatida esa 1800 kishi hayotdan ko‘z yumgan va 10 milliondan ortiq pokistonlik boshpanasiz qolgandi.
Izoh (0)