Jizzax shahridagi maktablarning birida faoliyat olib boruvchi fuqaro oson yo‘l bilan pul topish maqsadida akasiga po‘pisa qila boshladi, deb xabar beradi “Huquq” nashri.
U akasidan uyining orqa tomonini noqonuniy ravishda o‘zlashtirib olgani haqida tegishli idoralarga xabar bermasligi uchun 400 ming so‘m talab qildi. Bir necha bor takrorlangan po‘pisalardan so‘ng, aka ukaga 400 ming so‘m tutqazdi. Biroq uka bu bilan tinchimadi: u amakisi orqali akasidan yana 1 million so‘m talab qildi. Natija yomon bo‘lmadi: uning uyiga 500 ming so‘m yetib keldi.
Bundan qanoatlanmagan uka akasiga yerga bir necha yildan beri soliq to‘lanmagani, buning uchun qamalib ketishi mumkinligini eslatib, qolgan 500 ming so‘mni ham so‘ray boshladi. Pichoq borib suyakka taqalgach, akasi huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qildi. Natijada uka akadan 500 ming so‘m pulni olayotganida huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.
Akasiga ma’naviy va moddiy tomondan azob berib kelgan shaxs sud hukmi bilan aybli deb topilib, tegishli jazoga tortildi. Aka esa sudda ukasiga nisbatan hech qanday da’vosi yo‘qligini qayd etdi.
Izoh (0)