O‘zbekistonlik Sabina Mustayeva Rossiya “Birinchi kanali”ning “Golos.Deti” musiqiy loyihasi finaliga chiqdi. Bu haqda Uzdaily.uz xabar bermoqda.
Eslatib o‘tamiz, Sabina loyihaning avvalgi sonida finalga chiqolmagan edi, biroq “Birinchi kanal” yana bir saralash bosqichini o‘tkazib, yosh iqtidorlarga yana bir imkon berishga qaror qildi.
Bu bosqichda to‘qqiz ishtirokchi qatnashdi. Bular – Daniil Furman, Mariya Mirova, Yevdokiya Malevskaya (Dima Bilan jamoasi), Yekaterina Bizina, Katrina-Paula Diringa, Saida Maxametzyanova (Pelageya jamoasi), Alina Arakelova, Yelizaveta Marochkina va Sabina Mustayeva (Maksim Fadeyev jamoasi).
Har bir ishtirokchi hakamlar e’tiboriga bittadan qo‘shiqni havola qildi. Finalchilarni teletomoshabinlar, telefon qo‘ngiroqlari va sms-xabarlari orqali aniqlab berishdi.
Sabina Mustayeva Freddi Merkyurining “Somebody to Love” qo‘shig‘ini ijro etdi. Zaldagi tomoshabinlar ushbu ijroni gulduros qarsaklar va “barakalla” degan hayqiriqlar bilan qarshi olishdi.
Ovoz berish yakunlariga ko‘ra, Sabina Mustayeva 66 foiz ovoz olib, loyihaning 17-aprel kuni jonli efirda bo‘lib o‘tadigan finaliga yo‘llanma oldi.
Finalda quyidagi ishtirokchilar qatnashadi: Yevdokiya Malevskaya, Sofiya Kvratsxeliya, Aleksey Zabugin, Matvey Semishkur, Mixail Smirnov, Saida Maxametzyanova, Eduard Rediko, Yaroslav Sokolikov va Sabina Mustayeva.
Izoh (0)