Qozog‘iston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Rossiyada ishlab chiqarilgan mayonez, yog‘ va qandolat mahsulotlarida iste’molchilarni aldash va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi texnik reglamenti talablarini buzish holatlarini aniqladi.
“TASS” yog‘-moy va qandolat mahsulotlari tekshiruvi yakuni bo‘yicha qo‘mita saytiga joylashtirilgan axborotga asoslanib bergan xabarga ko‘ra, mahsulotlar savdodan olinadi va nomuvofiq mahsulotlar ro‘yxatiga kiritiladi.
Qo‘mitaning qayd etishicha, “Olivkoviy” Maxeyev” mayonezini sotishda aldov holati yuz bergan – mahsulot yog‘lilik darajasi 67 foiz bo‘lishi kerak bo‘lgani holda, aslida 55 foiz bo‘lgan. “Saratovskiy” mayonezida esa kislotalilik miqdori belgilanganida ortiq bo‘lgan.
Novosibirskdagi “Rost” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Krestyanskoye” sariyog‘ida yog‘ ulushi hajmi, namlik, energetik quvvat iste’molchiga ko‘rsatilgan ko‘rsatkichlarga mos kelmagan.
Yog‘-moy mahsulotlari bilan bog‘liq 8 holatda – Yekaterinburgdagi “Jirovoy kombinat”, Samara viloyatidagi “Essen Prodakshn AG”, Belgorod va Sverdlov viloyatlaridagi “EFKO”ning mayonezlari, Rostovdagi “MEZ Yug Rusi Rostov”ning “Zolotaya Semechka” kungabaqor yog‘ida texnik reglamentga nomuvofiqlik holatlari aniqlangan.
Qandolat mahsulotlarini tekshiriv jarayonida esa “Krasniy oktyabr” tomonidan ishlab chiqarilgan fundukli “Alyonka” shokoladida achitqi miqdori 8,5 barobar ko‘pligi aniqlandi. Lipetsk shahridagi “Lipetsk “Roshen” qandolat fabrikasi”, Moskva viloyatidagi “Mars”, Kemerevo viloyatidagi “Yashkino”, Vologda viloyatidagi “Russkiy biskvit”, Belgorod viloyatidagi “Slavyanka plyus” kompaniyalari qandolat mahsulotlarida YOIQ texnik reglamentini buzish holatlari qayd etilgan.
Izoh (0)