27-29-mart kunlari Rossiya poytaxti Moskva shahridagi “Do‘stlik” arenasida sport va jangovor sambo bo‘yicha Jahon Kubogi bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi “Olamsport.com”.
Dunyoning ko‘zga ko‘ringan sambochilari ikki yo‘nalishda jami 27 ta medallar jamlanmasi uchun gilamga chiqdi. Sport, jangovor va ayollar sambosida sportchilar 9 tadan medallar jamlanmasi uchun o‘zaro bahslashdi.
Ular orasida Ravshan Ahmadjonov boshchligidagi O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ham sovrinli o‘rinlar uchun bahslarda ishtirok etdi. O‘zbekiston vakillari oltin medalni qo‘lga kirita olmagan bo‘lsa-da, O‘zbekistonga kumush va bronza medallar bilan qaytdi.
O‘zbekistonlik sambochilar 3 ta kumush va 2 ta bronza medaliga ega bo‘ldi. Kumush medallarni jangovor sambo bahslarining 52 kilogramm vazn toifasida Rahmatjon Ahmedov, shuningdek, 74 kilogramm vaznda Maqsad Toshmurodov va 62 kilogramm vazn toifasida Sherzodbek Rasulov taqdim etdi.
68 kilogramm vaznda gilamga chiqqan Sarbon Ernazarov va jangovor samboning 100 kilogramm vazndagi polvonlari bellashuvida qatnashgan Islomjon Azimov bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Kutilganidek, ushbu sport turi vatani hisoblangan Rossiya terma jamoasi umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Mezbonlar 27 ta oltin medaldan 15 tasini qo‘lga kiritdi.
Izoh (0)