Bugun soat 06:00 da O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi barcha 14 saylov okrugida saylov uchastkalari ochildi, deb xabar bermoqda O‘zA. O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi. Saylovchilar ro‘yxatiga mamlakatimizning 20 million 798 ming 52 fuqarosi kiritilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida to‘rt nomzod – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Hotamjon Ketmonov, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan Akmal Saidov, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Islom Karimov, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Narimon Umarov ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylov yangi ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy sharoitda o‘tkazilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi maqomi oshirildi. Saylov qonunchiligiga rioya etish, Markaziy saylov komissiyasi qarorlarini so‘zsiz bajarish bo‘yicha javobgarlik kuchaytirildi.
Saylov kampaniyasida kuzatuvchilar instituti va ommaviy axborot vositalarini jalb etgan holda, saylovning ochiq va oshkoraligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Prezidenti saylovini 43 davlat va besh xalqaro tashkilot – YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi va Islom hamkorlik tashkiloti vakillari kuzatayotir. Saylov jarayonini mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining 1000 ga yaqin vakili yoritib bormoqda.
Izoh (0)