O‘zbekiston Milliy axborot agentligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish uchun tashrif buyurgan xalqaro mutaxassislar fikrini e’lon qilmoqda.
Ali Abdulla Muborak Al Mazrui, “Buruj” kompaniyasining tashqi iqtisodiy aloqalar departamenti boshlig‘i (Birlashgan Arab Amirliklari):
“Saylov jarayonida fuqarolarga ovoz berish uchun yetarli sharoitlar yaratib berilgani diqqatimni jalb etdi. Bunda bemorlar, keksalar, yosh bolali, serfarzand oilalarning ehtiyojlari ham to‘liq inobatga olingan. Saylov uchastkalarining ko‘pligi saylov jarayonini tashkil etishda, ovoz beruvchilar uchun qulaylik va yengillik yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi”.
Oleg Gallyamov, kuzatuvchi (Rossiya Federatsiyasi):
“O‘zbekistondagi tinchlik-xotirjamlik, ijtimoiy barqaror muhitni g‘oyat qadrlayman. Xalqingiz kayfiyati, ruhiyatidagi ko‘tarinkilik, baxtiyorlik, vazminlik, o‘z hayotidan mamnunlik tuyg‘usi o‘zbekistonliklarning kelajakka bo‘lgan qat’iy ishonchidan dalolatdir. Saylov jarayonini mahalliy va xalqaro kuzatuvchilar, barcha siyosiy partiyalarning vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari bevosita kuzatib borishi uchun yetarli imkoniyatlarning yaratilgani saylovlarning ochiq-oshkora, xolis va haqqoniy ruhda o‘tishini ta’minlashda asosiy omil bo‘lmoqda”.
Izoh (0)