Turkiya Respublikasi davlat madhiyasining (İstiklal Marşı - Istiqlol marshi) qabul qilinganiga 94 yil to‘lishi munosabati bilan 2015-yil 12-mart kuni Toshkent shahrida “Mehmet Akif Ersoy – istiqlolning haqiqiy va jarangdor ovozi” mavzusida rasmlar ko‘rgazmasi va xotirlash kechasi o‘tkazildi. Bu haqda Turkiya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi axborot xizmati xabar bermoqda.
Turkiya Respublikasi Bosh vazir devoni huzuridagi Turkiya hamkorlik va taraqqiyot idorasining (TIKA) O‘zbekistondagi Loyihalari koordinatori va Turkiya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi Ta’lim maslahatchiligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Namik Gyuner Erpul, elchixona xodimlari, O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan Turkiya fuqarolari, Toshkent turk boshlang‘ich va o‘rta maktabi o‘quvchilari va ularning ota-onalari hamda O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan mehmonlar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olgan Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Namik Gyuner Erpul so‘zi Turkiyaning buyuk shoiri Mehmet Akif Ersoy tomonidan yozilgan davlat madhiyasi turk millatining buyuk g‘ururi ekanligini ta’kidladi.
O‘z ma’ruzasida Mehmet Akif Ersoyning hayoti va ijodi haqida ko‘plab ma’lumotlar bergan TIKA O‘zbekistondagi Loyihalari koordinatori Professor Suleyman Qiziltoprak esa buyuk shoirning asli kelib chiqishini ota yurt Turkistonga borib taqalishini aytar ekan, mashhur mutafakkir va shoir Sezai Karakochning “Ota kavmi Rumelik, ona qavmi Buxorolik, tug‘ilgan joyi esa Istanbuldagi Fotihdir” degan izohini keltirib o‘tdi.
Tadbir doirasida Mehmet Akif Ersoyning hayoti va ijodini hamda uning Buxoro bilan bo‘lgan rishtalarini aks ettirgan va, asosan, Mehmet Ruyan Soydan arxividagi nodir foto suratlardan iborat fotoko‘rgazma ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Izoh (0)